Har bir kashtachilik maktabining oʻz kompozitsiyasi, ranglari va naqshlari bor. Samarqand maktabi uchun esa xoshiyalarni turli guldasta, buta va gullar tasviri tushirilgan islimiy naqshlar hamda gulli to’pbarggul shaklidagi bezaklar bilan toʻldirish urf boʻlgan.
Soʻzananing turfa hil islimiy va astral naqshlari real tabiat, osmon jismlarining taqlidi boʻlib, xalqning dunyoqarashi bilan chambarchas bogʻliqdir. Ular turli oilaviy marosimlarda, ayniqsa toʻy marosimlarida katta ahamiyatga ega boʻlib, baxt va serfarzandlik tilagi boʻlish bilan birga, yosh kelin-kuyovlar uchun himoya vositasini ham oʻtagan.
Aksariyat hunarmandlarning eng sevgan naqshi, bu yirik bodomgul tasviridir. Bodomgul achchiq qalampir kabi apotropeik funksiyani oʻtab, yangi turmush qurganlarni insu-jinslardan, yovuz ruhlardan saqlagan. Mahalliy xalq fikricha, yovuz ruhlar, alvastilar achchiq va oʻtkir narsalardan juda qoʻrqishar ekan. Shu sabab ham goʻdaklarning bilagiga yovvoyi achchiq bodom danagidan ipga terilgan bilaguzuk taqib qoʻyishgan.
Oʻzbekiston Davlat San’at Muzeyi (Samarqand)