Fargʼona vodiysi kashtachiligida rangli fonda erkin joylashtirilgan buta naqshli kompozitsiyalar qoʼllaniladi. Bundan tashqari, kashtaning asosi koʼpincha bezakli kashta bilan toʼldirilmasdan ochiq qoldiriladi, buning natijasida kompozitsiya nafislikka va grafik koʼrinishga ega boʼladi. Ulangan choklardan koʼrinib turibdiki, dasturxon kashta bosilgan soʼzananing kichik boʼlaklaridan tikilgan. Odatda mahalliy aholi oʼrtasida soʼzana qadrlanib, eskilari ham tashlab yuborilmagan. Soʼzananing katta boʼlaklaridan bekalar turli uy anjomlari tikishgan yoki quroq uchun foydalanishgan.
Kashtaning markazida quyoshsimon naqsh – yulduz shaklidagi toʼpgul yaqqol koʼzga tashlanib turibdi. Xalq orasida tarqalgan irim-sirimga koʼra, nur taratuvchi osmon jismlari yomon koʼzdan asrovchi tumor va serurugʼ boʼlish timsolidir. Toʼpgullar – fargʼonalik hunarmand kashtadoʼzlarning eng sevimli naqshlaridan biri boʼlib, odamda bunday naqshlar toʼkin-sochinlik, baxt, bahoriy uygʼonishni ifodalaydi.
Namangan viloyati tarix va madaniyat davlat muzeyi