XIV asrda Muhammad paygʼambarning eng yaqin sahobalaridan biri Аbu Ubayd ibn al-Jarrohga bagʼishlab bunyod etilgan yodgorlik majmuasi buyuk sohibqiron Аmir Temur davriga mos ravishda qurilgan va taʼmirlangan bir nechta inshootlarni oʼz ichiga oladi. Majmua oʼymakor darvozali va moviy gumbazli darvozaxon, maqbara, qadimiy dahmalar va minoradan iborat. Ikki yarim gektarlik maydonda ziyoratchilar uchun tahoratxona, yozgi ayvonlar, keng, oldi ochiq ayvonlar va kichik hovuzlar barpo etilgan.
Binolar va inshootlarning bezaklarida yogʼoch oʼymakorligi, ganch va mayolika kabi anʼanaviy badiiy hunarmandchilik turlaridan foydalanilgan. Turli texnika va uslublarda bajarilgan naqsh kompozitsiyalari handasaviy, epigrafik hamda islimiy naqshlar cheksiz rang-baranglik va ajoyib uygʼunlik kasb etgan. Islom sanʼatida islimiy naqshlar ramzlarini sharhlashda koʼp sonli va turlicha talqinlar qoʼllaniladi. Аyrim tadqiqotlarga muvofiq, islimiy naqsh jannat goʼzalligi, Yaratuvchi, baxt, muhabbat va eʼtiqodiy mukammallik ramzi hisoblanadi. Islimiy naqshning asosiy tarkibiy qismi burama (chirmovuqsimon) tasvirdan iborat boʼlib, u baʼzan epigrafik naqshning toʼldiruvchi qismi sifatida ishlatiladi.
Meʼmoriy bezaklarda uchraydigan klassik mavzudagi kompozitsiyada keladigan burama naqshning odatda naqsh uchidan boshlanib, ich tarafga buralib ketgan, markazida esa yelpigʼichsimon yaproq yoki toʼpbarggul shaklli naqsh bilan tugovchi asosiy chiziqni davom ettiruvchi ingichka chizilgan qismi boʼlib, shuningdek bu qism yanada nozikroq va gajaklangan islimiy novda shakllari bilan toʼldirilgan boʼladi.
Аbu Ubayd ibn al-Jarroh yodgorlik majmuasi