Samarqand an’anaviy kashtachiligi tarkib oʻlaroq juda xilma-xil boʻlgan. “Ruidjo” (yosh kelin-kuyovlarning yotogʻiga toʻshaladigan choyshab) va “bolinpoʻsh” (yostiq ustiga toʻshama)dan iborat yotoq jamlanmasi har bir kelin sarposining ajralmas qismi hisoblanadi. Kashtachilik namunalariga nazar soladigan boʻlsak, yangi kelin-kuyovlarning yotoq jamlanmasiga alohida e’tibor qaratilganligini koʻrishimiz mumkin. Mahalliy xalqning tasavvuriga koʻra boʻlajak ona va bolaning ruhi juda nozik hisoblangan va bu ishlanmalarni bezashda tumor koʻrinishidagi himoya vositasini oʻtovchi naqshlar, pichoq, achchiq qalampir kabilarning tasviri tushirilgan.
Koʻrib turganingiz, kashta namunasida “kordi osh”, ya’ni oshxona pichogʻi himoya vositasi sifatida tasvirlangan. Aynan pichoq, oʻzbeklarning ayrim bid’atlariga koʻra, yovuz ruhlardan qoʻriqlovchi kuch sifatida koʻrilgan. Shu ishonch bois, samarqandliklarning ayrim hududlarida beshikdagi goʻdakning yostigʻi ostiga pichoq qoʻyish odat tusiga kirgan. Ayollar esa biron yumush bilan koʻchaga chiqib, uyga qaytishda kech qolsalar, “kordi osh” soʻzini yoʻl-yoʻlakay takrorlab borganlarki, bu bilan jinlar, yovuz ruhlarni oʻzlaridan uzoqlashtirishga ishonganlar. Shuningdek, Samarqand toʻylarida hanuzgacha chimildiqning yon tomoniga yogʻoch qoshiq, pichoq va achchiq qalampir ilib qoʻyish odati saqlanib qolgan. Pichoq nafaqat himoya vositasi, shuningdek, baxodir oʻgʻil farzand tugʻilishiga ham ishoradir.
Oʻzbekiston Davlat San’at Muzeyi (Samarqand)