Rasul Mirzaahmedov ijodining noyob xususiyati va o’ziga xosligi shundaki, u ipak matolarni ishlab chiqarishning barcha asoslarini, sirlarini mukammal darajada biladi. U ana shu bilimlari sharofati bilan respublikaning eng ko’zga koʼringan abrband ustalaridan biriga aylandi.
R. Mirzaahmedov Marg’ilon abr ipakchilik san’atining eng yaxshi an’analarini nafaqat saqlab qoldi, balki ularni yanada kengaytirdi ham. Аytish mumkinki, bugungi kunda u yo’qolib ketgan qadimiy oʼzbek matolarining koʼplab turlarini an’anaviy to’qimachilik texnologiyasi, matoga rang berish va abr naqshlarni chiqarish bobida o’zi egallagan chuqur va mukammal bilimlar asosida qayta yaratgan hamda tiklay olgan yagona abrband ustadir. R. Mirzaahmedov mato uchun iplarni bo’yash va naqshlarni chiqarish san’atini o’z otasi, mashhur usta Turg’unboy Mirzaahmedovdan, mato to’qish texnologiyasini esa Nabijon Toshtemirovdan o’rgangan.
O’zlashtirgan bilimlari, g’ayrat-shijoati va qadimiy an’analarni ijodiy anglab yetishga bo’lgan intilishi bois R. Mirzaahmedov klassika va zamonaviylikni uygʼunlikda birlashtirishga erishdi. Аbr matolar uchun naqshlar yaratuvchisi sifatidagi u qadar katta bo’lmagan ijodiy faoliyati davomida u o’zining yuzdan ortiq mualliflik naqshlarini yaratdi. Ularning orasida adras matolar uchun yaratilgan «tumor», «ko’zacha», «tanga», «chayon» deb nomlangan naqshlar eng mashhurlari sanaladi.
Marg’ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi