Qadimda yarim koʻchmanchi etnik qabila guruhlari boʻlgan qoʻngʻirotlarning maishiy madaniyatidagi eng qiziqarli va oʻziga xos yoʼnalishlardan biri kashtachilik hisoblanadi. Katta bezakli kashtadoʻzlikning devor pannosi yoki choyshab kabi turlari qoʻngʻirotliklar orasida keng tarqalmagan edi, biroq kashtachilik erkaklar va ayollar kiyimlarini bezashda, oʻtovning ichki bezaklarida, shuningdek, mayda uy-roʻzgʻor buyumlarida ishlatilgan. Naqshli mahsulotlarning turlari xilma-xil boʻlib, ularning har biri o’z nomi va oʻrniga ega.
Oynaxalta, qoshiqxalta va to’rva, toʻrtburchak yoki unga oʻxshash toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi oynalar va mayda buyumlarni taxlash uchun xaltachalar, shuningdek,choyxalta va tuzxaltalar ular orasida eng keng tarqalgan va mashhurlaridir. Qoshiqxaltaning old qismi turkiy tilli xalqlar gilamdoʻzligidagi universal naqsh hisoblangan teng qirrali xoch (qaykalak) naqshli tumor koʻrinishidagi yagona naqshdan iborat.
Bu bezakning kelib chiqishi oʻgʻuz qabilalarining gilamdoʻzligiga borib taqaladi, uning anʼanalari turkmanlarning gilamdoʻzligida oʻz ifodasini topgan. Bu naqsh turkmanlarda gyol (koʻl yoki gul), turunj (taqsimcha yoki sitrus mevasi), oʻzbeklarda qalqon nusxa (qalqon shaklidagi naqsh) nomlari bilan mashhurdir.
Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi (Toshkent)