Oʼzbekiston mustaqillikka erishishi bilan milliy ipak toʼqimachiligi tarixida yangi sahifa ochildi. Oʼzbek usta-toʼqimachilari oʼzbek abr matolari tayyorlashning eng yaxshi anʼnanalarini qayta tiklashni oʼz oldilariga maqsad qilib qoʼydilar. XX-asrning 90-yillari boshida koʼrilgan chora-tadbirlar sharofati bilan oʼsimliklardan olinadigan boʼyoqlar retseptlari, koʼplab qadimiy matolarning toʼqilish texnologiyasi qayta tiklandi, ipak toʼqimachiligida oʼtgan asrlardan beri qoʼllanib kelingan naqshlar yanada boyitildi.
Oʼzbekistonda abr matolari faqat ipak iplardan — nafis ipak matosi (ipak ikat) shaklida, va shuningdek, ipak va paxta iplarni qoʼshgan holda, asos ipi ipakdan, arqoq ipi esa paxta ipidan toʼqilgan yarimipak mato (yarimipak ikat) shaklida ham toʼqiladi. Bu matolar adras abr matolari, yoki Gʼarbda urf boʼlganidek ikat, deb ataladi. Ushbu matolardagi naqshlar asosan, oʼsimliknusxa, zoomorf va buyumlar tasviri usulida boʼladi. Baʼzan antropomorf naqshlar ham qoʼllanadi. Oʼsimliknusxa naqshlar — bular yelpigʼichsimon yaproq shakllari, turli gullar, bodom, anor, olma va boshqa oʼsimliklar tasviridan olingan. Buyumlar shaklini takrorlovchi naqshlar taroq, shamchiroq, pichoq, guldon, tangalar va boshqa buyumlarni tasvirlaydi.
Zoomorf mavzudagi naqshlar — jonivorlar, qushlar va sudraluvchilar koʼrinishini uslublashtirish orqali yaratilib, «qoʼchqor shoxi», «chayongul», «kapalak nusxa» kabi nomlangan. Toʼrtinchi avlod hunarmandlaridan biri – usta Nurmuhammad Valiev oʼz oʼgʼillari bilan birgalikda ajdodlarning bu hunarini qayta tiklashga erishdi. U oʼz ijodida anʼanalarni zamonaviylik bilan uygʼunlashtirishga intiladi. Masalan, matolarni yaratishda u turli usullarni: ipakni echki yungi bilan birgalikda yoki paxtani jun bilan birgalikda qoʼllashga harakat qiladi. Usta ijodidagi oʼziga xoslik – bir qismi naqshli va bir qismi sidirgʼa koʼrinishda toʼqilgan matolardir.
Nurmuhammad Valiev ustaxonasi