XX-asr boshlarida ko’plab hunarmand ayollarning kasb-hunar kooperatsiyasi tizimida birlashishi, artellarning tashkil etilishi kashtachilik san’atining rivojlanishi uchun sharoitlarni o’zgartirdi, vaqt o’tishi bilan ular yirik jamoatchilik korxonalariga aylana boshladi. Artellardan tashqari, kashtachilik san’ati ijodiy ish sifatida professional rassomlar orasida ham rivojlanib bordi. O’sha davr badiiy kashtachiligida mavzuli pannolar, syujetli kompozitsiyalar yaratish alohida o’rin tutgan. Qo’l mehnati texnikasi bilan bir qatorda, ular biron mavzuga doir kashtalarni yaratishda dastgohdan ham foydalana boshladilar.
Mohir kashtado’zlar N. Nam va M. Qo’chqorovalar «Mening diyorim» (1977-y.) nomli mualliflik kompozitsiyasini yaratdilar. Buxoro kashtachilik maktabining eski an’analari ta’sirida yaratilgan kashtalar, so’zanalar klassik namunalardan o’simlik naqshlari bilan ajralib turadi. Naqshlarning simmetrikligi va deyarli bir xil o’lchamdaligi kompozitsiyani biroz jonsizdek ko’rsatadi, eski namunalardagi kabi jonlilik va dinamika yetishmaydi.
Oʼzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi (Toshkent)