Gul bosish, ya’ni matoga naqsh bosish – o’ymakor yog’och tamg’alar, ya’ni qoliplar yordamida paxta yoki ipak matoga naqsh bosishdan iborat bo’lib, bu ish qo’lda bajariladi. Gul bosish san’ati O’rta Osiyoga Buyuk Ipak yo’li orqali kirib kelgan. Mahalliy aholi gul bosilgan chit matolardan turli maqsadlarda, masalan dasturxon, joynamoz, parda yoki devor bezaklari sifatida, shuningdek, ko’rpacha, chopon uchun astar va choyshab tikishda foydalangan.
An’anaga ko’ra, dag’alroq paxta matosiga gul bosilgan bo’lib, undagi asosiy naqshni usta belgilagan. Turli naqshli qoliplarni uyg’unlashtirgan gul bosuvchi bezakning yangi shakllarini yaratish imkoniyatiga ega bo’lgan. Gul bosish naqsh mavzularini ustalar asosan o’simlik dunyosidan olgan. Qoliplar yordamida uslublashtirilgan naqshlarda turli xil mevalar, gullar, yaproqlar, o’simlik va boshqalarning tasvirlarini ko’rish mumkin.
Oʼzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi (Toshkent)