Oʼzbekiston amaliy sanʼati qadim zamonlarga borib taqaluvchi koʼp asrlik tarix va anʼanalarga ega. Qadimda yashab oʼtgan va bizga zamondosh boʼlgan oʼzbek hunarmand ustalarining eng yaxshi asarlari kulolchilik, gilamdoʼzlik va ipak toʼqimachiligi, kashtachilik va zardoʼzlik, gul bosish, ganch va yogʼoch oʼymakorligi, zargarlik sanʼati, misgarlik, naqqoshlik sanʼati va boshqa amaliy sanʼat turlari orqali xalqning tarixan rivojlanish bosqichlari haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Badiiy hurnarmandchilikning sanab oʼtilgan har bir turi alohida xususiyatlarga va oʼziga xos tasviriy til, asrlar davomida shakllanib sayqallangan naqshlar va shakllar, kompozitsion va ritmik takrorlanuvchi tuzilmalardan iborat bezaklar majmuasiga egadir.
Har bir naqsh bezagi noyob badiiy obrazlar olamidan iborat. Oʼzbek naqshlari bir necha asrlar mobaynida shaklan oʼzgarib borgan, uygʼunlashgan va yangi maʼnolar kasb etgan. Usta hunarmandlar tomonidan asrlar davomida yaratilgan har bir bezak xalqning tarixi, yashash tarzi va dunyoqarashini oʼzida mujassam etadi. Oʼzbek amaliy hurnalmandchiligiga xos anʼanaviy naqshlar, asosan: geometrik (girihiy), oʼsimlik shaklli (islimiy), kosmogonik (handasaviy), zoomorf, antropomorf va epigrafik turlarga boʼlinadi.
Koʼk-gumbaz masjidi (Dor-ut Tilovat majmuasi)