O’zbekiston qadim zamonlardan eng oddiydan tortib, mukammal kompozitsiyalarda tasvirlanadigan turli naqshinkor bezaklari bilan mashhur. XIX-asr davomida va XX-asr boshida har bir hududga oid bo’lgan, bir-biridan hajmli-rejalangan kompozitsiyalari va bezaklari shakliga koʼra farqlanuvchi me’moriy-badiiy maktablar paydo boʼlgan. Bu davrga kelib O’zbekistondagi naqshinkor bezaklar ommalashgan asosiy hududlar Fargʼona vodiysi shaharlari, shuningdek Buxoro, Samarqand, Xiva va Toshkent shaharlari edi.
Islimiy va murakkab handasiy hisoblangan girihiy naqshlari ko’p bo’lmasa-da, bu kompozitsiyalar ularda foydalanilgan naqshlar betakrorligi hamda nihoyatda rang-barangligi bilan o’ziga maftun etadi. Bu rang-baranglikka elementlarning o’ziga xos uyg’unlashuvi, bir naqshning ikkinchisi ustiga yotishi, asosiy tagrangning o’zgarishi, detallarning mukammal talqin etilishi hisobiga erishiladi. O’zbek hunarmandchiligida eng ko’p ommalashgan naqsh – bu o’simlik shaklidagi islimiy naqshdir. Uning asosini chirmovuqgul va o’simliklarning burama shoxchalari shakli tashkil etadi.
Yogʼoch va ganch o’ymakorligida islimiy naqshning islimiy gul, islimiy mihrob, islimiy patnis turlari ko’p ishlatiladi. Bu islimiy naqshlarni bir-biridan markazdagi asos shakli farqlab turadi: masalan, patnisni eslatuvchi to’rtburchakli, turli turunj shaklli, mayda, mozaikaga o’xshab ketadigan koshin shaklli. O’zbekistonga xos naqshinkor bezaklar nafaqat naqshlarning mohirona tuzilishi va chizilishi, balki asosiy ranglarning yorqinligini qo’shimcha ranglar vositasida kuchaytirish qonuniyatining qat’iy tartib bilan qo’llash orqali erishiladigan ranglarning o’zaro mutanosib uyg’unligi bilan ham o’ziga maftun etadi.
O’zbekiston naqshinkor bezaklarining yana bir o’ziga xosligi – ranglarning ocharib-to’qlanmasligi, ya’ni faqat keskin farqlanuvchi ranglardan foydalanilishidir. Farg’ona vodiysi ustalarining eng yoqtirgan ish usuli alohida markaz shakllarini kungara tarzda yorqin qizil va yashil bo’yoqlarda bajarilgan o’simliknusxa naqshlar bilan bezashdan iborat. Mazkur usul Marg’ilondagi Said Аhmad Xo’ja madrasasi (ayni kunda Hunarmandchilikni rivojlantirish markazi) shiftiga ishlangan naqshlarda yaqqol namoyon bo’lgan.
Marg’ilon Hunarmandchilikni rivojlantirish markazi