uch qalampir
Samarqandning an’anaviy bezak kashtachiligi tarkib oʻlaroq turli-tuman boʻlgan. Har bir kelinning sarposidan albatta “ruidjo” (yangi kelin-kuyov uchun choyshab) va “bolinpoʻsh” (yostiq uchun jild)dan iborat yotoq jamlanmasi joy olgan. Kashtachilik namunalariga nazar soladigan boʻlsak, yangi kelin-kuyovlarning yotoq jamlanmasiga alohida e’tibor qaratilganligini koʻrishimiz mumkin. Mahalliy xalqning tasavvuriga koʻra boʻlajak ona va bolaning ruhi juda nozik xisoblangan va bu ishlanmalarni bezashda tumor koʻrinishidagi himoya vositasini oʻtovchi naqshlar, pichoq, achchiq qalampir kabilarning tasviri tushirilgan.
Ushbu namunada “se qalamfur” naqshini koʻrishimiz mumkin. Xunarmand M.Hamdamovaning fikricha, uchta achchiq qalampir tasviridan foydalanish himoya kuchini bir necha barobarga oshirar ekan. Mahalliy xalq qarashlariga koʻra ham bu kabi qalampirlar yoki ularning shodasi jin, alvasti kabi ruhlarni choʻchituvchi sehrli kuchga ega boʻlgan. Shu sabab hozirga qadar ham ayrim oʻzbek xonadonlarida ostonaga qalampir shodasini osish urf boʻlib qolgan.
Mavlyuda Hamdamovaning shaxsiy kolleksiyasi