XIV asrda Muhammad paygʼambarning eng yaqin sahobalaridan biri Аbu Ubayd ibn al-Jarrohga bagʼishlab bunyod etilgan yodgorlik majmuasi buyuk sohibqiron Аmir Temur davriga mos ravishda qurilgan va taʼmirlangan bir nechta inshootlarni oʼz ichiga oladi. Majmua oʼymakor darvozali va moviy gumbazli darvozaxon, maqbara, qadimiy dahmalar va minoradan iborat. Ikki yarim gektarlik maydonda ziyoratchilar uchun tahoratxona, yozgi ayvonlar, keng, oldi ochiq ayvonlar va kichik hovuzlar barpo etilgan.
Kirish darvozalari bezaklarida badiiy hunarmandchilikning qiziqarli turlaridan biri – yogʼoch oʼymakorligidan foydalanilgan. Naqsh kompozitsiyasi oʼsimlik shaklli islimiy naqshlardan tuzilgan.
Tarixiy maʼlumotlar Oʼzbekiston hududida yogʼoch oʼymakorligiga oid qadimdan shakllangan anʼanalar mavjud boʼlganidan dalolat beradi. XIX asr va XX asr boshlarida Xiva, Samarqand, Toshkent, Qoʼqon, Margʼilon, Аndijon, Fargʼona, Shahrisabz shaharlari yogʼoch oʼymakorligi sanʼatining yetakchi markazlari sanalgan. Ushbu shaharlar meʼmorchiligida yogʼoch oʼymakorligi sanʼati chiroyli, did bilan ishlangan ustunlar, darvozalar va turli meʼmoriy bezaklarda namoyon boʼladi. Oʼymakorlar yogʼochga ishlov berishning turli usullaridan: gardishlab, asosli, asossiz yoki chuqur boʼrtma naqsh oʼyishdan foydalanishgan.
Аbu Ubayd ibn al-Jarroh yodgorlik majmuasi