Gul bosish O’zbekistonning ko’pgina hududlarida matolarni bezashda qo’llaniladigan eng keng tarqalgan usullardan biri. O’ymakor “qolip” tamg’asi bilan naqsh bosish orqali matolarni bezash an’anasi qadimiy tarixga ega. Gul bosilgan gazlamalarni ishlab chiqarish XIX asrning birinchi yarmida keng tarqaldi.
O’zbekistonda gazlama ishlab chiqarishning asosiy markazlari Buxoro shahri hamda unga tutash Romitan, Vardanza, G’ijduvon va boshqa qishloqlar bo’lgan. Gul bosilgan gazlamalar Samarqand, Urgut, Kattaqo’rg’on, Shahrisabz, Farg’ona, Toshkentda ham ishlab chiqarilgan. Xorazmga xos gul bosish san’ati tasvirlarining nafisligi bilan ajralib turgan.
Mahalliy aholi gul bosilgan chit gazlamalardan turli maqsadlarda: masalan, dasturxon, joynamoz, parda yoki devor bezaklari sifatida, shuningdek, ko’rpacha, chakmon astari va choyshab tikishda foydalangan. Gul bosilgan gazlamalarning naqsh bezaklari asosini gullab-yashnagan bog’ tasvirlari – dasta-dasta gullar, nafis g’unchalar, bir-biriga tutashib ketgan novdalar, yaproqlar, anor donalari, bodom, novdalar va boshqalar tashkil qiladi.
Rasuljon Mirzaahmedov xususiy kollektsiyasi