Har bir markazning o’zbek kashtalarida aks etadigan mahalliy xususiyatlari mavjud. Shahrisabz kashtachiligi hudud tabiatining o’ziga xosligidan kelib chiqib, naqshlarning serqirraligi, ranglar uyg’unligi bilan ajralib turadi. Shahrisabzlik hunarmand ayollarning kashtachilik mahsulotlarida tevarak-atrof o’simliklarining go’zalligi va tarovati, odamlarning dunyoqarashi to’la namoyon bo’ladi. Ushbu kompozitsiyada kashta soʼzana markazini va butun hoshiyani egallaydi. Markaz uchta katta to’pbarggul bilan to’ldirilgan va uning atrofida kichik gulli naqshlar joylashtirilgan bo’ladi.
Hoshiyada tez-tez ishlatiladigan naqsh – yelpig’ichsimon yaproqdan iborat bo’lib, bu yerda gulning yon tomondan tasviri to’pbaggulning yuqoridan ko’rinishi bilan almashib turadi. Har bir hunarmand improvizatsiya qilishga va gullab-yashnagan bog’ning o’ziga xos qiyofasini yaratishga harakat qilgan. Gulli naqshlarda hududga xos gullarning barcha turlari – gulsapsar, anor, seloziya va boshqalar tasvirlangan. So’zanada yaxshi tilaklarning bunday chiroyli tarzda tabiat go’zalligi bilan ifodalanishi yangi turmush qurgan yoshlarning uzoq va baxtli oilaviy hayotini ta’minlashi anglashiladi.
Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi