“Joypo‘sh”, ya’ni, o‘rin-ko‘rpa ustidan solinadigan choyshabsiz bironta oilaviy marosimlar o‘tmagan. Ayniqsa, to‘y marosimlarida unga alohida e’tibor qaratilib, chiroyli rasm-rusmlar bilan yangi turmush qurgan yoshlarning to‘shagi ustiga yozilgan.
Joypo‘sh “П” shaklidagi kompozisiyaga ega bo‘lib, o‘rtasida hech qanday bezak bo‘lmaydi. Joypo‘shning kelin-kuyovning oyoq tomoniga to‘g‘ri keladigan qismini ham bo‘sh, ya’ni, bezaksiz qoldirganlar. Tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha, bu bejizga emas, buning ham o‘ziga xos ma’nosi bor. To‘rt tomon yopiq bo‘lib, naqshlar bilan tikilsa, yoshlarning bahtli hayot kechirishlariga, kelgusida avlod qoldirishlariga mone bo‘lishi mumkin, degan qarashlar xalq ichida yurgan.
Ishlanma cho‘qqisidagi dasturxon ustida turgan choynak tasviri esa baraka, to‘kin-sochinlik, hursandchilik va shodlik ramzi sifatida ko‘rilgan. Shu bois hozirgi kunga qadar yoshi ulug‘lar kelin-kuyovlarni duo qilar ekanlar “Dasturxoningiz doimo to‘kin-sochin, xonadoningizda esa to‘ylar bo‘lsin” deydilar.
Sitorayi Mohi-Xosa Saroy Majmuasida joylashgan Bezak va Amaliy San’at Muzeyi (Buxoro)