O’zbekiston hududida olib borilgan arxeologik qazilmalarda topilgan asori-atiqalar kulolchilik o’zbek amaliy san’atining eng qadimiy va yuksak darajada taraqqiy etgan tarmoqlaridan biri ekanligini tasdiqlaydi. O’zbekistonning asosiy kulolchilik maktablari bir necha yuz yillar davomida shakllangan bo’lib, ular orasida uchtasi asosiy hisoblanadi: Farg’ona kulolchilik maktabi — Rishton, G’urumsaroy, Аndijon va Qo’qonda markazlari bor; Samarqand-Buxoro kulolchilik maktabi — Samarqand, Shahrisabz, Buxoro, G’ijduvon, Urgut va Kattaqoʼrgʼonda markazlari bor; shuningdek Xorazm kulolchilik maktabi — Xivada, Kattabog’da va Chimboyda markazlari bor.
Hozirgi kungacha faoliyat yuritib kelayotgan kulolchilik ishlab chiqarish markazlari Rishton, G’ijduvon, Xiva, Samarqand, G’urumsaroy, Shahrisabz, Kasbi, Urgut va Toshkentda mavjud. Yetakchi markazlarga oid quyma va noquyma kulolchilik shu hududning o’zigagina xos bo’lgan shakl, naqsh-bezaklar va koloritga ega. G’urumsaroy kulol ustalarining ishlarida sopol biroz qo’polroq bo’lsa-da, ular naqsh kompozitsiyalaridagi yaxlitlik va buyum chekkasi bo’ylab bir-biriga qaratib ishlangan juft naqshlar bilan e’tiborni tortadi. G’urumsaroy kulollik buyumlariga moviy rangda bezak berilsa, albatta asosiy tagrang oqish ranglar bo’ladi, agar kishi diqqati oq rangdagi naqshlarga qaratilsa, unda moviy rang o’z-o’zidan asosiy tagrangga aylanadi.
Fargʼona Viloyati Tarixi va Madaniyati Davlat Muzeyi