XIV asrda Muhammad paygʼambarning eng yaqin sahobalaridan biri Аbu Ubayd ibn al-Jarrohga bagʼishlab bunyod etilgan yodgorlik majmuasi: oʼymakor darvozali va moviy gumbazli darvozaxon, maqbara, qadimiy dahmalar va minoradan iborat bir nechta inshootlarni oʼz ichiga oladi.
Mazkur majmuadagi ayvon bezaklarida yogʼoch oʼymakorligi, ganch va mayolika kabi anʼanaviy badiiy hunarmandchilik turlaridan foydalanilgan. Turli texnika va uslublarda bajarilgan naqsh kompozitsiyalari handasaviy, epigrafik hamda islimiy naqshlar cheksiz rang-baranglik va ajoyib uygʼunlik kasb etgan. Ganch oʼymakorligi shaharlarda ommalashgan hunar boʼlib, qadim zamonlardan buyon Oʼzbekistonning turli shaharlarida yirik jamoat inshootlari, masjid-madrasalar va xonaqohlarda ham, aholi turar-joylarida ham bezak ishlarida qoʼllanilgan. Ganch sanʼati temuriylar davrida koʼp taraqqiy etadi, oʼzbek xonlari hukmronligi davrida esa (XVII-XIX asrlar) Xiva, Buxoro, Toshkent va Fargʼona vodiysining qator shaharlarida ganch oʼymakorligi boʼyicha asosiy maktab va markazlar tashkil boʼlib, eng kuchli hunarmandlar ijodi sayqal topadi. Nozik toʼrsimon ganch oʼymakorligi bino va xonalarga tantanavorlik va yorugʼlik baxsh etadi, shu bois saroylar va diniy inshootlarning, xuddi shuningdek turar-joy binolarining devorlari va shiftlari, jumladan alohida meʼmoriy qismlari ganch bilan qoplangan. Ushbu devordagi ganch oʼymakorlik bezagi qadimdan islomiy bezak sanalgan oʼsimliksimon shakldagi islimiy naqsh bilan ishlangan.Tabriz sanʼat maktabi namyondasi, buyuk musavvir, shoir, munaqqid, “Qonun as-suvar” (“Tasvirlar qomusi”, XVI asr) asari muallifi Sodigʼibek Аfshorning keltirishicha, islimiy – naqsh sanʼati “etti asosi”ning birinchisi va u muttasil oʼsib boruvchi, gullagan novda gʼoyasini uslubiy yoki naturalistik shaklda ifodalaydi. Islom sanʼatida islimiy naqshlar ramzlarini sharhlashda koʼp sonli va turlicha talqinlar qoʼllaniladi. Аyrim tadqiqotlarga muvofiq, islimiy naqsh jannat goʼzalligi, Yaratuvchi, baxt, muhabbat va eʼtiqodiy mukammallik ramzi hisoblanadi.
Аbu Ubayd ibn al-Jarroh yodgorlik majmuasi