Tarixiy maʼlumotlar Oʼzbekiston hududida yogʼoch oʼymakorligi anʼanalari qadim-qadimdan yashab kelganini tasdiqlaydi. XIX-asr oxiri, XX-asr boshlariga kelib Xiva, Samarqand, Toshkent, Qoʼqon, Margʼilon, Аndijon, Fargʼona, Shahrisabz yogʼoch oʼymakorligi sanʼati markazlariga aylangan edi. Meʼmoriy inshootlardan tashqari yogʼoch oʼymakorligi turli uy-roʼzgʼor buyumlari – bezakdor xontaxtalar, qutichalar, kitob qoʼyish uchun lavxlar va boshqa anjomlarda ishlatilgan. Yogʼoch oʼymakorlari yogʼochga ishlov berishning turli badiiy usullaridan foydalanganlar: konturli, asossiz, asosli yoki chuqur boʼrtma naqshli. Botiq ishlangan oʼymakor naqsh yogʼochga alohida ifodaviylik hamda naqsh va asosning qarama-qarshi uygʼunligini baxsh etsa, asossiz oʼymakorlikda uch qirrali-oʼyma naqshlar ishlangan. Ushbu usullarning birgalikda qoʼllanishi yogʼoch oʼymakorligi asosida ishlangan buyum yuzasiga qarayotgan kishi nigohida nur va soya oʼyinini hosil qiladi.
Fargʼona viloyatida keng qoʼllaniladigan «pargori» oʼymakorlik naqshi juda oʼziga xos hisoblanadi. Bu yassi naqsh boʼlib, oʼymakorlar tomonidan unchalik chuqur boʼlmagan asosdan salgina turtib chiqarilgan holda ishlanadi. Naqshlar xilma-xilligi – ravon oʼralib davom ettirilgan oʼsimliknusxa «islimiy» naqshlar (gʼunchalar, gullar, kurtaklar, yaproqlar, shoxchalar va boshqalar) handasaviy girih naqshlarning burchakdor shakli bilan uygʼunlikda oʼymakorlik buyumiga ajoyib tarovat baxsh etadi.
Namangan viloyati tarix va madaniyat davlat muzeyi