XIX asr oʻrtalariga kelib Oʻzbekiston hududida qoʻlda toʻqilgan ipak va yarim ipak matolar keng rusmga kirgan. Abrli gazlamalar odatda ipak tolalaridan toʻqilib, harir shoyi matolar (ipakli adras) va astariga paxta ipi otilgan, avrasi esa ipak tolalaridan toʻqilgan yarim ipak adraslar shular jumlasidandir. Aynan shu mahsulotlar abrli matolar hisoblanib, mahalliy xalq undan turli liboslar tikib kiygan, bezaklar va uy – roʻzgʻorda ishlatish uchun buyumlar tayyorlagan. Avvallari har bir hudud abrli matosi oʻziga xos gullari, naqshlari va ranglariga koʻra farqli boʻlgan. Masalan, buxorolik va samarqandlik toʻquvchilar katta, yaxlit naqsh uslubidan foydalanganlar. Gazlamalardagi naqshlar asosan islimiy, zoomorf va turli predmetlarni aks ettiruvchi bezaklardan iborat boʻlgan. Ba’zan antropomorfik bezaklardan ham foydalanilgan.
Oʻzbekiston davlat san’at muzeyi eksponatlari orasida XIX asrga oid Buxoro hunarmandlari tomonidan yaratilgan chodir oʻrin olgan. Oʻsha davrlarda yoz paytlari bu kabi chodirdan faqat zodagon shaharliklar va saroy a’yonlari foydalanar edilar. Toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi tomli chodir ikkita devorga ega. Har bir devorning oʻnta vertikal boʻlinmalari bor. Mehmonxona intereriga koʻra chodir ichkaridan 20ta turli naqshlar bilan ishlangan abrli matolar bilan bezatilgan pannolarga boʻlib chiqilgan. Gazlamali pannolarning yirik gullari Buxoro uylarida ishlatilgan naqshlarga taqlidan bezatilgan.
Oʻzbekiston Davlat Sanʼat Muzeyi (Toshkent)