Oʼzbekistonning janubiy hududlarida yashovchi bir urugʼ-elatga oid etnik guruhlar (qoʼngʼirotlar) uchun xos boʼlgan kashta buyumlardan biri boʼgʼjoma hisoblanadi. Boʼgʼjoma koʼchmanchi turkiy xalqlarda juda ommalashgan va dastlab gilamdoʼzlik texnikasida toʼqilgan yoki pishiq jun matolardan tikilgan. Bu mavsumiy koʼchishlar paytida koʼrpa-toʼshak, kiyim-kechak va boshqa ashyolarni tugish uchun chidamli matolardan foydalanishga boʼlgan zaruratdan kelib chiqqan. Boʼgʼjoma yarimoʼtroq oʼzbeklarning turar-joylarida ustma-ust taxlab qoʼyiladigan toʼqimachilik buyumlari jamlanmasining tarkibiy qismi boʼlgan. Koʼrpa-toʼshak va boshqa buyumlar bilan toʼldirilgan bu jamlanma umumiy tarza «juk» yoki «yuk» deb atalgan.
Boʼgʼjoma yumshoq sandiq vazifasini oʼtagan napramach ustidan joy olgan, uning ustiga koʼrpa-toʼshaklar ishlatish uchun qulay tarzda taxlab qoʼyilgan. Boʼgʼjoma kiyim-kechak va matolarga toʼldirilgan holida esa «boʼxcha» ili «boʼgʼcha» (tugun) deb atalgan. Boʼgʼjoma katta hajmli boʼlishiga qaramay, uning burchaklari kashta bilan bezatilgan. Boʼgʼjomaning asosan ikki yondagi hoshiyasi va burchak qismlariga kashtalar tikilgan, shu boisdan buyumdagi kashta bezaklar uchburchak shaklida boʼlgan. Koʼrpalar oʼralganda boʼgʼjomaning uchburchak kashtali joyi koʼrinib turgan va toʼshaklar taxlamiga chiroyli koʼrinish berish bilan birga oʼtov yoki keyinchalik urf boʼlgan yerda qurilgan xonalarda bezak vazifasini ham oʼtagan. Uchburchak shakl, qadimdan koʼp farzand koʼrish va ins-jinslardan, yomon nazardan saqlovchi timsol sifatida qabul qilingan, balo-qazolardan asrovchi vosita sanalgan tumorlarning ham koʼpincha uchburchak shaklda yasalishi bu shaklning anʼanaviy mazmun-mohiyatini ifodalaydi. Biroq XX asr oxiriga kelib, buyumlarda estetik did ustunlik qila boshladi. Boʼgʼjomaning naqshiy bezaklari nomad madaniyatiga xos boʼlgan tasvirlar, yaʼni hayvonlar, samoviy jismlar va oʼsimliklarning shakllaridan iborat boʼlgan.
Xususiy kollektsiya