Har bir xalqning etnik xususiyatlarini eng yorqin tarzda ochib beradigan narsa bu ayollar libosining ajralmas qismi bo‘lgan bosh kiyimdir. Shunday bosh kiyimlardan biri do‘ppi bo’lib, uning tarixi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Bunday bosh kiyimlarning tasvirlarini arxeologik topilmalar, freskalar, miniatyuralarda ham ko’rish mumkin.
Do’ppi so’zi turkiy tildan olingan bo’lib, “cho’qqi”, “tepalik” ma’nosini bildiradi. O’zbekistonning ayrim viloyatlarida uning “kallapo‘sh”, “tahya”, “qalpoq” kabi nomlari ham keng tarqalgan. Har bir viloyatning do’ppilari rangi, bezaklari, tayyorlanish texnikasi bilan ajralib turardi. Do’ppisiga qarab, uning egasi qaysi viloyat va hatto qaysi qishloqdan ekanligini bilish mumkin bo’lgan.
Ya’ni do’ppi o’ziga xos “hujjat” (pasport) vazifasini o’tab, egasining etnik kelib chiqishini ko’rsatib turgan. 1970-90 yillarda Farg’ona vodiysidagi ayollar do’ppilari o’simlik naqshlarining yorqinligi – guldastalar va “iroqi” kashtali qalin naqshlari bilan ajralib turgan. Ba’zan bezak kompozitsiyasi “Gulu lola”, “Tabassum”, “Kosmos”, “Gulnoz”, “Farhod va Shirin”, “Yoshlik” kabi yozuvlar bilan to’ldirilgan.
Fargʼona viloyati Tarixi va madaniyati davlat muzeyi