Kashtado’zlik ko’p jihatdan o‘zbeklarning uyni jihozlash uslubini belgilab berdi, u ranglarga boyligi bilan ajralib turadi. O‘zbek kashtachiligining mashhurligi nafaqat uyni bezashdagi, balki mavjud urf-odatlar va marosimlarni ado etishda tutgan o‘rni bilan ham izohlanadi. Yangi kelin-kuyovlar to’shagi uchun choyshab yoki joypo’sh, bo’linpo’sh yoki taqiyapo’sh (yostiq uchun choyshab)ni o’z ichiga olgan ko’rpa-to’shak majmui kelin sepining muhim qismi bo’lgan.
Choyshab – dastlab to’y choyshabi sifatida xizmat qilgan va oxir-oqibat devor hamda mehroblar uchun parda bo’lib qolgan. Farg’ona vodiysi kashtachiligida rangli fonda erkin joylashtirilgan buta naqshli kompozitsiyalar qo’llaniladi. Bunda kashtaning foni, odatda, bezakli detallar bilan to’ldirilmasdan bo’sh holda qoldiriladi, natijada kompozitsiya grafik sifatga ega bo’ladi va undagi naqshlar juda nafis ko’rinadi. Farg’onalik hunarmand ayollarning eng sevimli naqshlari to’pbarggul bo’lib, ular ko’pincha unumdorlik, baxt va bahor uyg’onishining ramzidir.
Bu ramzlar yaxshi tilaklar, himoya va sehrli kuchni ifodalovchi vosita vazifasini ham bajargan. Buni qalampirnusxa naqshlar borligidan bilib olsak bo’ladi, chunki bu naqsh kashtadoʼzlar fikricha sehrli quvvatga ega bo’lib, turli shaytoniy ruhlar – jin, alvasti va boshqalarni quvadi.
Farg’ona viloyati o’lkashunoslik muzeyi